Yangiliklar 10-12-2024, 16:54

Dam olish vaqti va ta’tillar

Dam olish vaqti va ta’tillar

Mehnat kodeksining 201-242-moddalarida dam olish vaqti va ta’tillar o‘z aksini topgan.

Dam olish vaqti xodim mehnat majburiyatlarini bajarishdan ozod bo‘lgan va o‘z ixtiyoriga ko‘ra foydalanishi mumkin bo‘lgan vaqtdir. Ish kuni (smena) davomidagi tanaffuslar, har kungi (smenalar oralig‘idagi) dam olish, dam olish kunlari (har haftalik uzluksiz dam olish), ishlanmaydigan bayram kunlari, har yilgi asosiy va qo‘shimcha mehnat ta’tillari dam olish vaqtining turlari sanaladi. Xodimning istagiga ko‘ra dam olish kunida yoki ishlanmaydigan bayram kunida ishlaganlik uchun kompensatsiya sifatida taqdim etiladigan ishdan bo‘sh bo‘lgan qo‘shimcha kunlar, shuningdek qon va uning tarkibiy qismlari topshirilgan har bir kundan keyin donorlarga beriladigan dam olish kuni ham shular jumlasidandir.

Ish kuni (smena) davomida xodimga dam olish va ovqatlanish uchun davomiyligi ko‘pi bilan ikki soat va kamida o‘ttiz daqiqa bo‘lgan, ish vaqtiga kiritilmaydigan tanaffus berilishi kerak. Ichki mehnat tartibi qoidalarida yoki mehnat shartnomasida, agar xodim uchun belgilangan kunlik ishning (smenaning) davomiyligi to‘rt soatdan oshmasa, unga mazkur tanaffus berilmasligi nazarda tutilishi mumkin. Dam olish va ovqatlanish uchun tanaffus berish vaqti va uning aniq davomiyligi ichki mehnat tartibi qoidalarida yoki xodim va ish beruvchi o‘rtasidagi kelishuvga ko‘ra belgilanadi.

Xodimlarga ish kuni davomida dam olish va ovqatlanish uchun tanaffusdan tashqari qo‘shimcha tanaffuslar ham beriladi. Xususan, yilning issiq yoki sovuq mavsumida ochiq havoda yoxud sovitilmaydigan yoki isitilmaydigan yopiq xonalarda ishlaydigan, shuningdek yuk ortish-tushirish ishlarida band bo‘lgan shaxslar uchun maxsus tanaffuslar. Ish beruvchi isitish, sovitish uchun asbob-uskunalar bilan jihozlangan va xodimlarning dam olishi uchun yaroqli bo‘lgan xonalarni ta’minlashi shart. Bunday tanaffuslar taqdim etiladigan ishlarning ro‘yxati, harorat ko‘rsatkichlari, shuningdek ushbu tanaffuslarning davriyligi va davomiyligi ish o‘rinlarini mehnat sharoitlari hamda asbob-uskunalarning jarohatlash xavfi bo‘yicha attestatsiyadan o‘tkazish asosida belgilanadi. Qolaversa, bolani ovqatlantirish uchun sarflanadigan vaqt ham qo‘shimcha tanaffuslar sirasiga kiradi.

Mehnat kodeksi 2022 yil 28 oktyabrda yangi tahrirda qabul qilinishi tufayli yana bir yangilik kiritildi. Ya’ni dam olish kuni ishlanmaydigan bayram kuniga to‘g‘ri kelgan taqdirda, dam olish kuni bayramdan keyingi ish kuniga ko‘chiriladi. Masalan, joriy yilda 1 sentyabr – Mustaqillik kuni yakshanba kunga to‘g‘ri keldi. Shu bois dam olish kuni 2 sentyabr dushanbaga ko‘chirildi. Yoki 8 dekabr – Konstitutsiya kuni ham yakshanbaga to‘g‘ri kelmoqda. Natijada dam olish kuni 9 dekabr dushanbaga ko‘chiriladi.

Tuproqqal’a tumani adliya bo‘limi 

YXKM boshyuriskonsulti M.Sadikova.


     May     
DuSeChPaJuShYa
 1234
567891011
12131415161718
19202122232425
262728293031 

Obuna bo'lish

Obuna bo'lish bepul
Veb-saytimiz faoliyatini baholang