Yangiliklar:
Ijtimoiy himoyaga muhtoj bolalarning ota-onalari uchun “mehrli oila” xizmati tashkil etiladi
2026-yil 1-martdan “Inson” markazlarida ijtimoiy himoyaga muhtoj bolalarning ota-onalari uchun “mehrli oila” xizmati tashkil etiladi.“Mehrli oila” xizmatiga ota-onalar Bolalar masalalari bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahri va tuman (shahar) komissiyalarining qarori asosida jalb qilinadi.
“Mehrli oila” xizmatiga jalb qilingan ota-onalarga farzandlarining oilasi bilan buzilgan munosabatlarni tiklash va ularning ijtimoiylashuviga ko‘maklashish uchun “oilaviy terapiya” xizmatlari bepul ko‘rsatiladi.
Chet el fuqarolari uchun o‘zbek tilini bilish darajasini aniqlash imtihonlari joriy etiladi
2026-yil 1-martdan boshlab CEFR mezonlariga muvofiq chet el fuqarolari uchun o‘zbek tilini bilishning A1, A2 va V1 darajalari bo‘yicha, 2027-yil 1-martdan boshlab esa V2, S1 va S2 darajalari bo‘yicha malaka sertifikatini berish uchun imtihonlar joriy etiladi.O‘zbek tilini bilish darajasi to‘g‘risida kamida V1 darajadagi malaka sertifikatiga ega chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar 2026-yil 1-apreldan boshlab O‘zbekiston fuqaroligiga qabul qilishda davlat tilini bilish darajasini aniqlash imtihonidan ozod etiladi.
Davlat xaridlari uchun sun’iy intellektga ega elektron modul ishga tushiriladi
2026-yil 1-martdan davlat xaridlari portalida davlat xaridlari uchun tovarlar va xizmatlarning o‘rtacha bozor narxini hisoblaydigan sun’iy intellektga ega elektron modul ishga tushiriladi.Davlat buyurtmachilari boshlang‘ich narxni faqat ushbu modul orqali shakllantirishga majbur bo‘ladi.
Moduldagi boshlang‘ich narx yoki shartnoma narxi va o‘rtacha bozor narxi o‘rtasidagi farq 10 foizdan oshsa yoki 20 foizdan kam bo‘lsa, davlat xaridlari yuqori darajadagi tavakkalchilik bilan baholanadi. Davlat nazorati organlari ularni birinchi navbatda tekshiradi.
Shuningdek, 2026-yil 1-martdan faqat davlat buyurtmachisining rahbari va uning o‘rinbosari xarid komissiyasi raisi bo‘lishi mumkin.
Demensiya, Parkinson va Alsgeymer kasalligiga chalinganlarga qarab turish xizmati ko‘rsatiladi
O‘zbekistonda demensiya, Parkinson va Alsgeymer tashxisi qo‘yilgan shaxslar uchun qarab turish xizmati yo‘lga qo‘yiladi. Bu Vazirlar Mahkamasining 29-yanvardagi qarorida [36-son] ko‘zda tutilgan. Hujjat bilan “Faol hayotga qadam” dasturi joriy etilishi munosabati bilan hukumatning ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.Xususan, qarorga muvofiq, 2026-yil 1-martdan xulq-atvori buzilishlari bo‘lmagan ruhiy kasallik bo‘yicha dispanser nazoratida turuvchi demensiya, Parkinson yoki Alsgeymer kasalligi tashxisi qo‘yilgan shaxslar uchun kunduzgi qatnov asosida qarab turish xizmati ko‘rsatiladi.
“Og‘ir” tumanlarda oilaviy tadbirkorlik uchun yillik 12% stavkada kreditlar ajratiladi
1-martdan boshlab 37 ta “og‘ir” toifadagi tumanda oilaviy tadbirkorlik dasturlari doirasidagi ajratiladigan kreditlar foizi yillik 12 foizgacha pasaytiriladi. Bu prezidentning hududlarni yangicha yondashuvlar asosida rivojlantirish orqali aholi daromadini oshirish, barqaror ish o‘rinlarini yaratish hamda kambag‘allikni qisqartirishga qaratilgan qarorida ko‘zda tutilgan.1-martdan “mahalla loyihasi” dasturlari doirasida mahallalarning ixtisoslashuvini chuqurlashtirish maqsadida ajratilgan kreditlar bo‘yicha foiz to‘lovlarining bir qismini kompensatsiya qilish uchun Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasiga 1,2 trln so‘m ajratiladi hamda kompensatsiya quyidagi tartibda amalga oshiriladi:
- qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish loyihalari bo‘yicha kreditlar uchun — 4 foizli band;
- qo‘shilgan qiymat yaratishga yo‘naltirilgan qayta ishlash loyihalari bo‘yicha kreditlar uchun — 6 foizli band.
Norasmiy bandlik holatlari tadbirkorlar reytingini pasaytiradi
2026-yil 1-martdan tadbirkorlarning barqarorlik reytingini aniqlashda quyidagi qonunbuzilish holatlari ballarni kamaytiruvchi qo‘shimcha mezon sifatida belgilanadi:- tasdiqlangan norasmiy bandlik holatlari;
- xodimlarga mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdoridan past oylik ish haqlarining hisoblanishi.
Ayrim oilalar xonadonlariga quyosh panellari o‘rnatib beriladi
Prezidentning 5-fevraldagi qarori bilan, “mahalla yettiligi” xulosasiga asosan Ijtimoiy reyestrdagi I guruh nogironligi bo‘lgan va mehnatga layoqatli a’zosi bo‘lmagan oilalar xonadonlarining devor va tomlarini izolyatsiya qilish, energiya tejamkor deraza va eshik hamda quyosh panellari yoki geliokollektor o‘rnatish ishlari amalga oshiriladi.Bunda “Saxovat va ko‘mak”, “Yoshlar daftari” va “Ayollar daftari” jamg‘armalari hisobidan Energiya samaradorligi milliy agentligi talabnomalari asosida I guruh nogironligi bo‘lgan va mehnatga layoqatli a’zosi bo‘lmagan oilalar xonadonlarini “yashil” ta’mirlash ishlariga teng ulushlarda jami 200 mlrd so‘m miqdoridagi mablag‘lar tuman (shahar) hokimliklari huzuridagi “Infratuzilma va ijtimoiy barqarorlik” jamg‘armalariga ajratiladi.
Bojxona ma’muriyatchiligi yanada takomillashtiriladi
2026-yil 1-martdan tovarlarni ular chegara o‘tkazish punktiga yetib kelguniga qadar dastlabki deklaratsiyalash orqali erkin muomalaga chiqarish bojxona rejimiga joylashtirishda:- bojxona rasmiylashtiruvi uchun bojxona yig‘imi miqdori 20 foizga pasaytiriladi;
- bojxona to‘lovlarini bo‘lib-bo‘lib (kechiktirib) to‘lashda 14 kungacha foizlar hisoblanmaydi.
Tadbirkorlar uchun “Biznes hamroh” markazlari ishga tushadi
2026-yil 1-martdan tadbirkorlik faoliyatiga oid davlat xizmatlari va ayrim xususiy xizmatlarni tadbirkorlarga “yagona darcha” tamoyili asosida ko‘rsatish bo‘yicha “Biznes hamroh” loyihasi amalga oshiriladi.Loyiha doirasida Savdo-sanoat palatasi huzurida tashkil etiladigan mas’uliyati cheklangan jamiyat tomonidan boshqariladigan “Biznes hamroh” markazlari faoliyati yo‘lga qo‘yiladi. Dastlabki bosqichda bunday markazlar Toshkent va Nukus shaharlarida hamda viloyatlar markazlarida 1 tadan tashkil etiladi.
Shuningdek, xuddi shu sanadan tadbirkorlar bilan muloqotni tashkil qilishning yangi tartibi joriy etiladi: respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari rahbarlari har chorakda tasdiqlanadigan reja-grafiklar asosida hududlarda tadbirkorlar bilan “Biznes hamroh” markazlarida uchrashadi. Reja-grafiklar har chorakda barcha uchun ochiq holatda “Biznes hamroh” elektron platformasi va tegishli tashkilotlarning rasmiy veb-saytlarida e’lon qilinadi.
Fuqarolar daromadlarini majburiy deklaratsiyalash bo‘yicha eksperiment yo‘lga qo‘yiladi
2026-yil 1-martdan boshlab soliq organlari, shuningdek, Navoiy va Chirchiq shaharlarida ro‘yxatga olingan jismoniy shaxslar tajriba tariqasida yillik daromad solig‘i deklaratsiyasini taqdim etishi shart.Eksperiment doirasida jismoniy shaxslarning harajatlari vazirlik va idoralar ma’lumotlari, soliq organlarining maxsus mobil ilovasi orqali ro‘yxatdan o‘tkazilgan soliq shtamplari tushirilgan xarid kvitansiyalari va elektron hisobvaraq-fakturalar asosida hisoblab chiqiladi. Deklaratsiya soddalashtirilgan shaklda maxsus elektron platforma orqali taqdim etiladi.
Davlat organlarida bo‘sh bo‘lgan davlat fuqarolik xizmati lavozimlarini egallashda yangicha tizim joriy etiladi
2026-yil 1-martdan davlat fuqarolik xizmatida mavjud bo‘sh ish o‘rinlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar vacancy.gov.uz elektron platformasida e’lon qilinadi.Fuqarolarga o‘zlariga ma’qul keladigan mutaxassislik, lavozim va ish haqiga oid talablarni belgilagan holda vacancy.gov.uz elektron platformasida “ish qidiruvchi” maqomida ro‘yxatdan o‘tish imkoniyati yaratiladi.
Vacancy.gov.uz elektron platformasida ro‘yxatdan o‘tgan va davlat fuqarolik xizmatiga kirish bo‘yicha test sinovidan muvaffaqiyatli o‘tgan fuqarolar ushbu platformada mavjud bo‘sh ish o‘rinlariga da’vogarlik qilishi mumkin bo‘ladi.
Xavfli qurilish materiallari ishlab chiqaruvchi korxonalar elektron reyestri yaratiladi
2026-yil 1-martdan “Texnik tartibga solish” va “Shaffof qurilish” axborot tizimlarining o‘zaro integratsiyasi doirasida xavfsizligi nomuvofiq deb topilgan qurilish materiallari ishlab chiqaruvchilari va yetkazib beruvchilarining elektron reyestri yuritiladi.Elektron reyestr ma’lumotlari Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasi tomonidan qurilish obyektlarida o‘tkaziladigan nazorat tadbirlari natijalarida olinadigan ma’lumotlarni integratsiya qilish orqali shakllantiriladi. Ishlab chiqargan qurilish materiallarining xavfsizligi nomuvofiq deb topilgan korxonalar davlat xaridlarida ishtirok etishi taqiqlanadi.
Arxiv xizmatlarini ko‘rsatish muddatlari qisqartiriladi
2026-yil 1-martdan quyidagi arxiv xizmatlarini ko‘rsatish muddatlari qisqartiriladi:- arxiv hujjatlari yoki ularning ko‘chirma nusxalarini O‘zbekistondan tashqariga vaqtincha olib chiqish uchun ruxsatnoma berish muddati 15 ish kunidan 5 ish kunigacha;
- yaroqsiz holatga kelgan yoki yo‘qotilgan mehnat daftarchasidagi yozuvlarni tasdiqlash muddati 20 ish kunidan 10 ish kunigacha;
- oliy va o‘rta-maxsus ta’lim muassasasida o‘qiganlikni tasdiqlash haqidagi arxiv ma’lumotnomasini berish muddati 5 ish kunidan 2 ish kunigacha;
- arxiv hujjatlari, kitoblar va qo‘lyozmalarni raqamlashtirish (elektron nusxa olish) muddati 3 ish kunidan 1 ish kunigacha.
Turistik startaplar uchun subsidiya ajratiladi
2026-yil 1-martdan turistik startaplarni — yangi turdagi turizm xizmatlarini ishlab chiqib, amaliyotga joriy etish bilan bog‘liq xarajatlarning 50 foizi, biroq 1 mlrd so‘mdan ko‘p bo‘lmagan miqdorda har yili eng yaxshi 10 tagacha loyihalarga subsidiyalar ajratiladi.Shuningdek, mehmonxonalarning Hukumat tomonidan tasdiqlanadigan ro‘yxatda nazarda tutilgan xalqaro e’tirof etilgan “yashil” sertifikatlarni olish bilan bog‘liq xarajatlarining 50 foizi qoplab beriladi.
Dafn etish ishlarini ro‘yxatga olish raqamlashtiriladi
2026-yil 1-martdan vafot etgan shaxsning o‘limi qayd etilgandan so‘ng uning eri (xotini), ota-onasi, farzandlarining YAIDXP (my.gov.uz) dagi shaxsiy kabinetiga o‘lim qayd etilgani haqida QR kodli ma’lumotnoma bepul yuboriladi.Ushbu QR kod tushirilgan ma’lumotnoma gerbli guvohnomaga tenglashtiriladi.
Litsenziyalash va ruxsat berish tartib-taomillari soddalashtiriladi
2026-yil 1-martdan litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari sohasidagi huquqbuzarliklarni sodir etganlik uchun yuridik shaxslarga jarima qo‘llanilganda, ularning mansabdor shaxslarini ma’muriy javobgarlikka tortish tartibi bekor qilinadi.Shuningdek, “Litsenziya” axborot tizimida litsenziya va ruxsat berish xususiyatiga ega hujjatlarni olishda ixtiyoriy dastlabki baholash xizmati yo‘lga qo‘yiladi.
Binolarning zilzilabardoshlik bo‘yicha texnik holati sun’iy intellekt yordamida tahlil qilinadi
2026-yil 1-martdan boshlab bino va inshootlarning zilzilabardoshlik bo‘yicha texnik holati sun’iy intellekt yordamida tahlil qilinadi.Respublikada yillar davomida sodir bulgan zilzila yozuvlarini (ochiq katta hajmdagi ma’lumotlarni) sun’iy intellekt yordamida qayta ishlash va tahlil qilish orqali kelajakda zilzila bo‘lishi mumkin bo‘lgan hududlarni aniqlash hamda zilzilaning bino va inshootlarga ta’sirini baholash amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi.
Markirovkalangan muddati o‘tgan tovarlar savdosi avtomatik ravishda cheklanadi
2026-yil 1-martdan boshlab raqamli markirovka tizimi joriy qilingan tovarlarning yaroqlilik muddati o‘tgan bo‘lsa, ularning savdosi ushbu tizim orqali avtomatik ravishda cheklanadi.Bunda raqamli markirovkalangan muddati o‘tgan tovarlarga nazorat-kassa texnikalarida xarid cheki chiqarilmaydi.
Futbol o‘yinlariga chipta sotishda xaridorlar identifikatsiyadan o‘tkaziladi
2026-yil 1-martdan O‘zbekistonda futbol o‘yinlariga chipta sotishda xaridorlar identifikatsiyadan o‘tkaziladi.Futbol o‘yinlariga chiptalarni xarid qilish shaxsni identifikatsiya qilish hamda matritsali shtrix-kod (QR kod) texnologiyalarini qo‘llashni nazarda tutuvchi maxsus onlayn axborot tizimi orqali amalga oshiriladi.
32 ta idora va davlat kompaniyalarida yangi o‘rinbosar lavozimlari joriy etiladi
2026-yil 1-martdan boshlab 32 ta vazirlik, idora va yirik davlat kompaniyalarida komplayens-nazorat va korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha o‘rinbosar lavozimlari joriy etiladi.Sog‘liqni saqlash, Maktabgacha va maktab ta’limi, Oliy ta’lim, Energetika, Qishloq va suv xo‘jaligi, Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi, Transport, Tog‘-kon sanoati va geologiya, Investitsiyalar, sanoat va savdo, Raqamli texnologiyalar, Bandlik va kambag‘allikni qisqartirish vazirliklari shular jumlasidan.
Davlat kompaniyalari orasida Navoiy kon-metallurgiya kombinati, Olmaliq kon-metallurgiya kombinati, “O‘zbekiston temir yo‘llari”, Uzbekistan Airways, Uzbekistan Airports, “O‘zbekneftgaz”, “O‘zkimyosanoat”, “Hududgazta’minot”, “Hududiy elektr tarmoqlari”, Tovar-xomashyo birjasi, “O‘zavtosanoat” va boshqalar bor.
Ekologik zararni qoplashdan ozod qiluvchi barcha huquqiy hujjatlar o‘z kuchini yo‘qotadi
2026-yil 1-martdan boshlab tabiatga zarar yetkazish bo‘yicha kompensatsiya to‘lovlaridan ozod qilish tarzida imtiyoz berish bilan bog‘liq barcha qonunchilik hujjatlari va huquqiy kuchga ega ko‘rsatmalar o‘z kuchini yo‘qotadi.Shu kundan boshlab tabiatga yetkazilgan zararni qoplashdan ozod qilish faqat qonun asosida amalga oshiriladi.
Atrof-muhitga ta’siri I va II toifadagi sanoat korxonalari 2026-yil 1-martga qadar o‘z hududlarida fon monitoring stansiyalarini o‘rnatishi va ularni yangi tashkil etilayotgan Ekologik monitoring milliy markazi bilan integratsiya qilishi lozim.
Agar korxonalar belgilangan muddatlarda fon monitoring stansiyalarini o‘rnatmasa va ularni Ekologik monitoring markazi bilan birlashtirmasa, ularga kompensatsiya to‘lovlari besh barobarga oshiriladi.
| Du | Se | Ch | Pa | Ju | Sh | Ya |
|---|---|---|---|---|---|---|
| 1 | ||||||
| 2 | 3 | 4 | 5 | 6 | 7 | 8 |
| 9 | 10 | 11 | 12 | 13 | 14 | 15 |
| 16 | 17 | 18 | 19 | 20 | 21 | 22 |
| 23 | 24 | 25 | 26 | 27 | 28 | 29 |
| 30 | 31 | |||||
Obuna bo'lish
Ommabop xabarlar

1-martdan O‘zbekistonda nimalar
Вчера, 09:25

Саримой маҳалласида чуқурлаштирилган
22-12-2025, 11:37

Urganch shaxar 2-son oilaviy
11-12-2025, 10:54

Oʻzbekiston Respublikasining 20.10.2025
1-12-2025, 16:30

Korrupsiyaga qarshi kurashish
24-11-2025, 12:18