Yangiliklar 21-09-2024, 11:13

Sаylov vа referendum oʼtkаzish tаrtibi oʼzgаrtirildi

Sаylov vа referendum oʼtkаzish tаrtibi oʼzgаrtirildi


 

2023 yil 18 dekabrdagi OʼRQ-883-son Qonun bilan ayrim qonun hujjatlariga saylov va referendum oʼtkazish tartibini yanada takomillashtirishga qaratilgan oʼzgartirish va qoʼshimchalar kiritildi.

Oʼzgartirish va qoʼshimchalar Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari saylovini aralash saylov tizimi (majoritar va proportsional) asosida oʼtkazishni, shuningdek saylov organlarining markazlashgan tizimini shakllantirishni, saylov komissiyalari tizimini maqbullashtirishni, Markaziy saylov komissiyasi faoliyatini takomillashtirishni hamda siyosiy partiyalar tomonidan deputatlikka nomzodlar koʼrsatilayotgan ayollar sonini oshirishni nazarda tutadi.

 Xususan, Saylov kodeksiga kiritilayotgan oʼzgartirish va qoʼshimchalarga muvofiq:

•        Qonunchilik palatasi deputatlari saylovini oʼtkazish uchun 75 ta hududiy bir mandatli saylov okrugi tuziladi;

•        Qonunchilik palatasi deputatligiga siyosiy partiyalar tomonidan koʼrsatilgan nomzodlar roʼyxati asosida Qonunchilik palatasiga saylov oʼtkazish uchun Oʼzbekistonning butun hududi yagona saylov okrugi hisoblanadi;

•        partiya roʼyxati belgilangan tartibda roʼyxatga olinganidan keyin, ushbu roʼyxatga kiritilganlar deputatlikka nomzod maqomini oladi va ularga guvohnoma beriladi;

•        partiya roʼyxatiga kiritilgan nomzodlar ushbu siyosiy partiyaning aʼzolari yoki partiyasiz boʼlishi mumkin. Boshqa siyosiy partiyaning aʼzolari ushbu roʼyxatga kiritilishi mumkin emas;

•        ayollarning soni bir mandatli saylov okruglari boʼyicha, shuningdek partiya roʼyxati asosida siyosiy partiyadan koʼrsatilgan deputatlikka nomzodlar sonining kamida 40 foizini (ilgari 30 foizgacha) tashkil etishi kerak. Bunda partiya roʼyxatidagi ketma-ketlikda kamida har besh nafar nomzodning ikki nafari ayol kishi boʼlishi lozim.

Markaziy saylov komissiyasi Oliy Majlis palatalari tomonidan 9 nafar aʼzodan iborat tarkibda tuziladi va doimiy asosda faoliyat yuritadi (ilgari 15 nafar edi). Markaziy saylov komissiyasining 1 nafar aʼzosi Qoraqalpogʼiston Respublikasi vakili boʼladi.

Qonunga asosan, mahalliy Kengashlarga saylov hududiy bir mandatli saylov okruglari boʼyicha koʼppartiyaviylik asosida 5 yil muddatga oʼtkaziladi.

Xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlaridagi deputatlik oʼrinlari soni aholi sonidan kelib chiqqan holda tegishli mahalliy Kengash tomonidan quyidagicha belgilanadi:

•        aholi soni 2 mln nafargacha boʼlgan hududlarda – 30 tadan 40 tagacha;

•        aholi soni 2 mlndan 3 mln nafargacha boʼlgan hududlarda – 40 tadan 50 tagacha;

•        aholi soni 3 mln nafardan ortiq boʼlgan hududlarda – 50 tadan 60 tagacha.

 

Xalq deputatlari tuman va shahar Kengashlaridagi deputatlik oʼrinlari soni aholi sonidan kelib chiqqan holda quyidagicha belgilanadi:

•        aholi soni 30 ming nafargacha boʼlgan hududlarda – 10 tadan 15 tagacha;

•        aholi soni 30 mingdan 100 ming nafargacha boʼlgan hududlarda – 15 tadan 20 tagacha;

•        aholi soni 100 mingdan 300 ming nafargacha boʼlgan hududlarda – 20 tadan 25 tagacha;

•        aholi soni 300 ming nafardan ortiq boʼlgan hududlarda – 25 tadan 30 tagacha.

Yagona saylov okrugi boʼyicha saylanadigan Qonunchilik palatasining deputatlik oʼrinlari ushbu saylovda ishtirok etgan saylovchilar ovozlarining yetti va undan koʼproq foizini toʼplagan siyosiy partiyalar oʼrtasida taqsimlanadi.

Аgar saylovda ishtirok etgan saylovchilar ovozlarining yetti va undan koʼproq foizini faqat bitta siyosiy partiya toʼplagan boʼlsa, unda deputatlik oʼrinlari saylovchilarning eng koʼp ovozini toʼplagan ikkinchi siyosiy partiyaga ham taqsimlanadi.

Partiya roʼyxati boʼyicha saylangan deputatlar oʼrtasida deputatlik mandatlarini taqsimlash Markaziy saylov komissiyasi tomonidan roʼyxatga olingan partiya roʼyxatiga kiritilgan deputatlikka nomzodlar ketma-ketligiga muvofiq amalga oshiriladi.

«Oʼzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Reglamenti toʼgʼrisida»gi Qonunga kiritilgan oʼzgartirish va qoʼshimchalarga asosan, Qonunchilik palatasining kamida 5 nafar (ilgari ularning soni 9 nafarni tashkil etgan) deputati fraktsiya tuzish huquqiga ega. 

 

Tuproqqal’a tuman adliya bo`limi Yuridik xizmat ko`rsatish markazi Bosh yuriskonsulti  Urazbayev Tursunboy


     Noyabr     
DuSeChPaJuShYa
 123
45678910
11121314151617
18192021222324
252627282930 

Obuna bo'lish

Obuna bo'lish bepul
Veb-saytimiz faoliyatini baholang